Devona haqgo‘y

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DEVONA HAQGO‘Y Yana sening to‘ning yelkangda, Sig‘may qolding bu dargohga ham. Labda achchiq qimtilgan handa, Tashqariga qo‘yasan qadam. Tuqqaningga yoqmas to‘g‘ri gap, Shuni anglab yetmagan bo‘lsang, Bu dunyoda shuncha yil yashab Diplomatlik atalgan adab Ko‘chasidan o‘tmagan bo‘lsang, Ko‘ngildagi gapingni qachon Kimga qanday so‘zlamoq kerak, O‘zingga ne foyda, ne ziyon, Anglamagan bo‘lsang gar, demak - Ayb o‘zingda, Toki bu dunyo Tili burrolarga yor ekan, Manmanlikdek tuzalmas savdo Odamzot boshida bor ekan. Toki boshliq zoti ekan haq Gapi gap-u so‘zi so‘z ekan, To‘rdagilar hokimi mutlaq, Pastdagilar yumuq ko‘z ekan Peshonangga bitilgan attang, Yengilmoq bor doimo jangda. Mudom sening qo‘lingda pattang, Mudom sening to‘ning yelkangda.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.