Shoir(Husniddin SHARIPOVga)
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SHOIR
Husniddin SHARIPOVga
Shoirlarga hayron bo‘lmang,
Shoir xalqi turfaroq.
Gohi mag‘rur, gohi, diltang,
Goh hazin, goh tumtaroq.
Unga bir pul mansabi ham,
Unda mansab bo‘lmaydi.
Sevgisi ham, g‘azabi ham
Chegarani bilmaydi.
Oqil odam g‘am, azobdan
Yonib fig‘on bo‘ladi.
Shoir esa iztirobdan
Zavq qiladi, kuladi.
Boshqalarga dam olish kun,
Ta’til oyi berilar.
Shoir yangi tashbeh uchun,
O‘lgan bo‘lsa, tirilar.
Boshqalar o‘z dil dardini
Boshqalarga to‘kadi.
Shoir dardi yuragining
Tublariga cho‘kadi.
Shoirlarga hayron bo‘lmang,
Shoir xalqi turfadir.
She’r olami bu olamning
Evaziga tuhfadir.
Orom bilmas shoir qalbi,
Chunki orom zavq emas.
Mana, shiftga qarab qoldi
Xalal bermang bir nafas.
Xayoliga band u hozir,
Ikki dunyo begona.
Biroz go‘dak, biroz... shoir,
Birozgina devona.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish