Uyatchanlik

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

UYATCHANLIK Bu qaltis dard, Ziyrak bo‘ling, Belgilari ayondir: Bosh sal egik, qo‘l ko‘krakda, Til chuchuk, yuz alvondir. Ularga ko‘p duch kelganman, Ko‘nglim darhol sezadi. Uyatchanlar odob bilan Yuragimni ezadi: Mana, unga qarang! Xushro‘y, Mo‘mingina boladir. Poraxo‘rmas, qo‘lingizni Qaytarolmay oladir. Do‘kondor ham ko‘p uyatchan Qizil qog‘oz qasdida Bosh ko‘tarmas. Ikki ko‘zi Peshtaxtaning ostida. Bu - otadir, Aslida u Otalikka yarolmas. Dada, deya chopib kelgan Bolasiga qarolmas. Hamkasbim bor - Sohib ziyo, El dardini tuyolgan. Lekin haq so‘z aytmoqqa U Kattalardan uyalgan. Bu amaldor ko‘tarilgan Kimlargadir suyalib. Tramvayda yurmaydi hech Xaloyiqdan uyalib. Unga sira ish tushmasin, Bag‘ring qonga bo‘yalar. «Хо‘р» degani tortinadi, «Yo‘q» degani uyalar. Muloyim zot sehrgardir, Naqd qurboni bo‘lasiz. Kulib turib pichoq ursa, Rahmat aytib o‘lasiz. Uyatchanlik ega shundoq Kishi bilmas quvvatga. Bir uyatchan butun elni Qo‘ya olar uyatga. Biz ulardan kulsak, ichda Ular bizdan kuladi. Bu kasalni yo‘q qilmasak Juda uyat bo‘ladi.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.