Navro‘z nashidasi
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
NAVRO‘Z NASHIDASI
Yurtim!
Ilhomimga sarchashma o‘zing,
Birdek aziz menga yozing ham kuzing.
Bukun bahoringga she’r aytmoqchiman,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Yana olam bo‘ldi yashil, serfusun,
Yana qizg‘aldoqlar ochildi gulgun.
Bu yilgi ko‘klaming o‘zgacha butun
Vatanim muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Qattiq qishdan chiqding zax tortib, horib,
Yerdan chiqqan kabi boychechak yorib.
Bag‘ringdan muz ketdi hamalga borib,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Qir yashil, bog‘ yashil, bo‘stondir yashil,
Bahoriy libosda jahondir yashil,
Erk-yashil, istiqlol,-imondir yashil,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Boshingda hurriyat quyoshing bordir, '
O‘z Tug‘ro, Bayrog‘ing, Yurtboshing bordir.
Maqsading, g‘ayrating, bardoshing bordir,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Yosh chinorsan, o‘zni tutib olarsan,
«Ilik uzildi»dan olib olarsan.
Yuzlab bahorlarni kutib olarsan,
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Bugun dalalarga qadalgan urug‘
Inshoolloh, rizq-u barakot to‘lug‘
Ey, umid o‘lkasi, ertasi ulug‘ -
Vatanim, muborak bo‘lsin Navro‘zing.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish