Qilurman tavbalar

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

QILURMAN TAVBALAR Qilurman tavbalar, garchi Tazarrulik gunohim yo‘q. Gunohim yo‘qligiga lek Netay, isbot, guvohim yo‘q. Eshitmas el fig‘onimni, Kelar olmoqqa jonimni, Olurga lek yonimni Mening bir xayrixohim yo‘q. Na so‘z derman ochib og‘iz, Zabonsiz, kimsasiz, yolg‘iz - Kelib cho‘kdim qoshingda tiz Bo‘lak sendin panohim yo‘q. Ishonching - menga rizq-u ro‘z Zabun holimga solgin ko‘z, To‘karga yosh, deyarga so‘z Hani oh tortarga ohim yo‘q. Bu bandangda xatolik bor, Xatolik - jonfidolik bor, Shu bois ko‘p judolik bor, Gadolik bor-u johim yo‘q. Qaro qoshingga bo‘lmay zor, Qorayguvchi ne shomim bor? Yuzing yod etmayin zinhor Oqarguvchi sabohim yo‘q. Bu sarson yo‘lda behamroh, Topolmam manzili dilxoh, Muhabbatdan bo‘lak, billoh, Ilohim, sajdagohim yo‘q. Bu olamdan uzib ko‘ngil, Yonib ketsam, vujudim kul, Unar ishq bog‘ida bir gul Bu kuldan, ishtibohim yo‘q.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.