Yo‘q emish orzuda ayb
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
YO‘Q EMISH ORZUDA AYB...
Saydi ishq solgan ko‘ngilga
Qo‘ymangiz behuda ayb.
Bo‘lsa bandi domi sayyod,
Yo‘q erur ohuda ayb.
Bandga tushgan bu ko‘ngildur,
Menda, ayting, ne gunoh,
Dil qushiga dom qo‘ygan
Ul ikki joduda ayb.
Jodu ko‘zlar bandi yolg‘iz
Sen emas, tutqun yurak,
Avval-oxir ko‘hna meros
Ishq degan tuyg‘uda ayb.
Ey ko‘ngil, o‘z mayling ila
Bo‘lding ishq domiga band,
Izlama endi bahona,
Demagin u-buda ayb.
Sevgi dardidan mening ham
Bo‘ldi rangim kahrabo,
Yo‘q iloj, ne naf o‘kinmak
Bo‘lmasa ko‘zguda ayb?
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish