Dutorim tori ikkidur

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

DUTORIM TORI IKKIDUR... Dutorim tori ikkidur: Biri quvnoq, biri mahzun Ki, baytim satri ikkidur: Biri dilxush, biri dilxun. Nigorim chashmi ikkidur: Biri yag‘mo, biri jodu, Bu jodudan ikki ko‘zim Biri Sayxun, biri Jayxun. Jahonda ikki dilbarning Biri sensan, biri Laylo, Jahonda ikki oshiqning Biri menman, biri Majnun. Jahonda - ikki yulduz bor: Biri sensan, biri Zuhro, Misoli ikki nuqtamning Biri ostin, biri ustin. Jahonning mehri ikkidur: Biri sensan, biri oftob, Tarozu pallasi ikki: Biri yerdur, biri gardun. Makoni ikki lochinning - Biri qoya, biri osmon, Qanoti ikki shoiring - Biri o‘lka, biri ochun. G‘azal bitmakda sachrabdur Ko‘zimdan yosh, dilimdan o‘t. Shu hois ikki satrimning Biri qatra, biri uchqun. Kelib bog‘ sayridan Erkin G‘azalga to‘lqin izlardim, Kirib keldi ikki do‘stim: Biri Sayyor, biri To‘lqin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.