Bahor mustazodi
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
BAHOR MUSTAZODI
Gul faslida soz oldi yana ahli navolar,
kuy boshladi yona.
Ne tongki, go‘zal bo‘ldi jahon, yer-u samolar,
har tilda tarona.
Ko‘k birla zamin bir-biriga oshiq-u ma’shuq,
bir-birga tutashgan,
Sochmoqda u boron ila jonbaxsh ziyolar,
ichmoqda bu qona.
Zumrad dalalar bag‘riga o‘t qo‘ydi shafaqgun
raqs etguvchi lola,
Yondirganidek bizni pari mohi liqolar,
o‘t nasli -jonona.
Gul boshin egib jilmayadir, baxtli kelinchak,
mashshotasi - oftob,
Bulbul tilida nola nadir, zavqli sadolar,
bu - savti zamona.
Men ham qalamim qo‘lga olib o‘y suradirman,
tashbeh qidirurman,
Yurt sha’niga yozmoq tilagim hamd-u sanolar
Shayx-u g‘afurona.
Ey sen, Vatanim, menga o‘zing bitta jahonsan,
bir o‘g‘ling erurman,
Jon boricha ko‘nglimda senga sidq-u vafolar, -
sen menga yagona.
Men neki yozar bo‘lsam, o‘zing boisi nazmim,
madhim senga doim,
Bitdim yana, jonim, yuragim
senga navolar, gul fasli bahona.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish