Og‘riqli savollar

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

OG‘RIQLI SAVOLLAR Choyxonada oshxo‘rlikni baxt deb bilgan og‘ayni, Shu bir kunlik halovatni naqd deb bilgan og‘ayni, Qumursqadek tiriklikdan o‘zga g‘ami bo‘lmagan, Dil olami, ishq olami, ruh olami bo‘lmagan, Imonni ham, vijdonni ham qurbon qilgan halqum deb, Seni xayol qildimmi men kuyganimda xalqim deb? El mulkini bir chekkada tinch kemirib yotgan zot, Besh tiyinga qadrini ham, xalqini ham sotgan zot, Ko‘kragida na himmat-u, na g‘ayratdan asar bor, Yuragida na oriyat, na shavq bor, na kadar bor, Umrida hech qilgan emas mulkdan o‘zga bir niyat, Seni deya tiladimmi yuraklarga hurriydt? Ey, ko‘ngilda mojarolar orzu qilib yotgan jon, Tangring - amal, martabadir, payg‘ambaring - shuhrat, shon. Bu davlatga o‘t qo‘yasan, yo‘qotasan xilqatdan, Gar hokimlik tegar bo‘lsa senga yangi davlatdan. Quruq gapdir senga Vatan, xalq-u ozod, istiqbol, Sening uchun istadimmi yurtimga men istiqlol? Mudom kurash azobini fidoyilar ko‘rganlar, Inqiloblar hosilini muttahamlar o‘rganlar; Siz ham bugun panadasiz, jangga bizni qayraysiz, Biz bu jangda shahid bo‘lsak, avvalo siz yayraysiz. G‘ofil xalqim! Tinglarmanmi sening na’ra - uningni, Ko‘rarmanmi zuluklardan ozod bo‘lgan kuningni?
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.