Uchi tuguk dastro‘mol

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

UCHI TUGUK DASTRO‘MOL Qo‘shnim ishga ketayotir saharlab, Bir qo‘lida uchi tuguk dastro‘mol. Yo rektorga aytmoqchidir muhim gap, Kechqurunga go‘sht kerakdir ehtimol. Kim biladi, balki zarur kiritmoq Ilmiy kengash qaroriga yangi band, Yo do‘stiga qilmoqchidir qo‘ng‘iroq, Olmoqchidir bolalarga xo‘rozqand. Balki... yana boshqa ming bir xil sabab, Unutmasin deb parishon bu xayol, Qo‘shnim ishga ketayotir saharlab, Bir qo‘lida uchi tuguk dastro‘mol. Shoshma, do‘stim, barcha ishing bitadi, Bitmas ish yo‘q, oshiqmasin yuraging. Inson umri axir yeldek o‘tadi, Bosh ko‘tarib atrofingga qaragin. Qara, bahor Sep yozibdi olamga, Qara, g‘uncha gul shoxini egibdi. Yasanishni unutmay deb bayramga, Balki u ham ro‘molchasin tugibdi. Bu dunyoda kim betashvish, kim beg‘am, Har insonning bir boshida ming xayol. О‘ylab ko‘rsam, miyamizning o‘zi ham O‘n to‘rt milliard uchi tuguk dastro‘mol. Odam yashar zamon yukin orqalab, Serg‘alvaroq kechasidan buguni. Orom bermas ko‘kragida betinch qalb Bamisoli dastro‘molning tuguni. Shoshma, do‘stim, barcha ishing bitadi, Muhim gap ham, qo‘ng‘iroq ham, xo‘rozqand. Ammo seni ertangi kun kutadi, Erta yana dastro‘molning uchi band. Bugungidek yana sahar turasan, Ajratasan keraklarning keragin... Sochlaringda bir tola oq ko‘rasan Birinchi bor sanchganida yuraging. Taqdir deylar, bilmam nadir taqdiring, Balki oltmish, balki yuzga kirgan chol... Boshing uzra unsiz yig‘lar kampiring, Bir qo‘lida uchi tuguk dastro‘mol. Hayot asta so‘nar ekan ko‘zingda, Yurak sendan hisob so‘rar o‘sha kun. Bo‘lganmi hech ixtiyoring o‘zingda, Biror soat yashadingmi betugun? O‘yla, do‘stim, kelmay turib o‘sha dam, Isrof qilma yosh yurakning kuchini Mana bu gap hech chiqmasin yodingdan, Tugib qo‘ygin dastro‘molning uchini.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.