Yangi yil guldastasi(o‘qituvchilarimga)

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

YANGI YIL GULDASTASI (O‘qituvchilarimga) Bu kun men chamanlardan Bolaligimni eslab, Saharlab shudring kechib, Quvlashib o‘tgim kelur. Yigirma yetti bahor Chechaklarin saralab, Aziz ustozlarimga Dasta gul tutgim kelur. Navbahor quyoshidan Nur emgan nihol kabi Sizning shuuringizdan Men ham bahramand bo‘ldim. Do‘stlarim Murod, O‘tkir, Tal’at, Mirjamol kabi Kattakon oilada Men ham bir farzand bo‘ldim. Ustozlarim men sizning Bir parcha yuragingiz, Aziz boshingizdagi Bir tola oq mendandir. Ozgina oqlay olsam Umid-u tilagingiz, Qarshingizda bosh egib Ta’zim qilmoq mendandir. Siz mushfiq ona bo‘lib, Bo‘lib mehribon padar, Go‘dak boshimni silab, Ertamni o‘yladingiz. O‘ttiz ikki harfdan Osmon ilmiga qadar Murg‘ak ongimga quyib, Hayotga yo‘lladingiz. Yangi yil kelar ekan Dil uyin qilib obod, O‘ylayman, toshqin suvdek O‘n yil oqib o‘tibdi. Siz meni kuzatgan yil Maktabga kelgan avlod Bugun uchirma bo‘lib Qanot qoqib turibdi. Qayda bo‘lmay ne qilmay, Mudom sezib turaman, G‘oyibona siz meni Qilmoqdasiz imtihon. Qalam olsam qo‘limga, Dastlab sizni kо‘raman Urinaman, she’rlarim- Bo‘lmasin deb parishon.. She’r yozdim yangi yilning Muborak ayyomida, Har-bitta misrasiga Mehrim payvasta bo‘lsin. Bu she’rim qahratonning Ayozli oqshomida Otashqalb shogirdlardan Sizga guldasta bo‘lsin.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.