She’r va shaxmat
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
SHE’R VA SHAXMAT
Katak qog‘ozdagi to‘rt yo‘l she’r kabi
Shaxmat donalari saf chekkan qator.
Nayzador fili-yu shahsuvor aspi,
Tug‘bardor farzini hujumga tayyor.
Shaxmatni she’r bilan qiyos ayladim,
Bilimdon o‘quvchim, qilma e’tiroz.
She’r axir emasmi shaxmatdek qadim,
Shaxmatda yo‘qmi yo she’riy ehtiros.
Go‘zallik, nafosat, kurash va san’at
She’r ila shaxmatga azaliy udum.
Ming yillik umrida ular beshafqatr
Doimo shohlarga boshlagan hujum.
Shaxmat ko‘p o‘ynalgan, she’r ko‘p yozilgan,
Odatiy yurishlar hammamizga yod.
Bobolar o‘ynagan usullar bilan,
Ular nabirasin qilib bo‘lmas mot.
O‘yin ermak emas she’r ham, shaxmat ham -
Aqllar kurashi, tuyg‘ular jangi.
Bu janggda qo‘yilgan har bitta qadam
Odil-u haq bo‘lsin, go‘zal va yangi.
Men orzu qilaman, to‘rt yo‘l she’r bitib,
Elga manzur qilsam aqalli bir bor.
Shaxmatni ilk bora ixtiro etib
Quvongan hindidek edim baxtiyor.
Shaxmat abadiydir, she’r abadiy,
Yurish tugamas-u so‘z bo‘lmas tamom.
Shaxmat taxtasida, she’r maydonida
G‘oyalar kurashi etadi davom.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish