Insoniyat tarixi(Sharq afsonasi)
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
INSONIYAT TARIXI
(Sharq afsonasi)
Soylar kelur kumush tog‘lardan,
Gul bo‘ylari - chaman bog‘lardan.
Yer ko‘ksidan oqar buloqlar.
El naqlidan chiqar saboqlar.
She’r quyilib yurakdan kelur,
Ertak ezgu tilakdan kelur...
1
Juda qadim zamonda,
Qobiliston tomonda
Bir podsho o‘tgan ekan
Davron surib jahonda.
Butun umrin kechirib
Kayf bilan, safo bilan,
Ishi bo‘lmagan ekan
O‘tkinchi dunyo bilan.
Yillar o‘tib, nihoyat,
Yoshi yetgach bir joyga,
Barcha ulamo ahlin
Chaqiribdi saroyga.
Debdi: «Olamga kelib
Olam nedir bilmadim,
Odam bo‘lib yashadim,
Odam nedir bilmadim.
Qirq yil podsholik qilib
Umrim o‘tdi g‘aflatda.
Qolganini ilmga
Sarf qilurman albatta.
Shuning uchun farmonim:
Barcha bilimni to‘plab,
Odam ahli yaratgan
Barcha ilmni to‘plab,
Insoniyat tarixin
Jam qilib kitob yozing.
Yozganda ham batafsil
Va lekin shitob yozing».
Olampanoh podshoning
Farmonin bajo etib,
Qirq faslda qirq olim
Qirq tuya kitob bitib,
Karvon bilan podshoning
Saroyiga eltmishlar.
Ta’zim bilan keltirib
Shohga taqdim etmishlar.
Demishlar qullaringiz
Yuragining qoni bu,
Insoniyat tarixin
Eng qisqa bayoni bu.
Hayrat ichra debdi shoh:
Ko‘p yozibsan bunchalar.
Insoniyat tarixi
Uzunmidi shunchalar?
Kimga darkor shuncha gap,
Sanjob qiling, ulamo,
Ko‘pi bilan bir tuya
Kitob qiling, ulamo.
3
Yana ulug‘ podshoning
Farmonin bajo etib,
Insoniyat tarixin
Qirq bor muxtasar bitib,
Qirq donishmand saf chekib
Saroy tomon yurmishlar.
Podshoning qarshisida
Ta’zim qilib turmishlar.
Olimlarga debdi shoh:
Rahmat sizga, ulamo,
Bularni ham o‘qishga
Umrim yetmaydi ammo.
Shuning uchun, azizlar,
Tafsilotni kam qiling.
Bor ilmni yig‘ing-u
Bir kitobga jam qiling.
4
Qaytib yana qirq olim
Qirq oy tun-kun o‘ltirmish.
Qirq tuyalik kitobni
Bir kitobga keltirmish.
Ular yana saf chekib
Yo‘l olganda shoh tomon,
Shoh olim to‘shagida
Yotar ekan bu zamon.
Kitobni kо‘rib debdi:
Rahmat sizga, ulamo.
Bir kitobni o‘qish ham
Endi menga muammo.
Olimlarga boqibdi
Podsho ma’yus ko‘z bilan:
«Mazmunin aytib bering:
Ikki og‘iz so‘z bilan.
Eshitib olar bo‘lsam
Qolmas edi armonim».
Olimlar donishmandi
Shunda debdi: xoqonim,
Odamlar tug‘iladi,
G‘am chekadi, o‘ladi.
Insoniyat tarixin
Mazmuni shu bo‘ladi...
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish