Inson va fursat

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

NSON VA FURSAT Soat qilib, zanjir o‘tkazib, Bog‘lab oldik fursatni qo‘lga. Ammo fursat bo‘ysunmadi hech, Yurmadi biz istagan yo‘lga. Bizlar uni qo‘zg‘almas qilib Mixlab qo‘ydik devorlarga ham. Ammo fursat bizdan yulqinib Chopa berdi oldinga ildam. To‘xtatmoqqa urindik qancha, Toshlar osdik, ammo bo‘lmadi. Sahar payti chirillaganda Yostiq bosdik, ammo bo‘lmadi. Mahkam qilib oltin zanjirin, Qisib oldi bilagimizdan. Quloqlarni berkitdik, lekin Sado berdi yuragimizdan. Uyga qochib berkinganlarni. «Chiq-chiq», deya tortdi baridan. Boshin yopib burkanganlarni Yulib oldi to‘shak bag‘ridan. Vaqtni qildik maydalab soat, Parchaladik sekundlar qadar. Chopa berdi va lekin fursat, Qola berdik dod deb orqada. Nihoyat, biz fursatni quvib, Qamchi soldik g‘ayrat otiga. U har qancha yelib, yugurib Yetolmadi inson zotiga. Bizdan ortda surgalmasin deb, Bizlar bilan chiqsin deb yo‘lga, Soat qilib, Zanjir o‘tkazib Bog‘lab oldik fursatni qo‘lga.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.