Kutish soatlari

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

KUTISH SOATLARI «Nisbat qonunining Bordir haqiqati. Lahzaning ma’nosi Dunyo qadar keng. Kutish soatlarin Bir daqiqasi Visol onlarining Bir yiliga teng. Kutish soatlari Qilur bag‘rimni xun, Betoqat kutganda Gohi ertani, Deyman, Vaqt tanobin bursam, Uzun kun - Bir lahzadek o‘tsaydi, qani! Naqadar mushkuldir Intizorlik dardi. Insonga bo‘ysunmas fursat yaxshiyam, - Umrim bir necha bor qisqa, bo‘lardi Kutish soatlarin olib tashlasam. Yo‘q, Bu mumkin emas! Yashamoq toti, Lazzati mo‘tabar bizga har soat. Axir, odamzotning Butun hayoti Kutish onlaridan iborat. Qo‘l ishga, Bosh o‘yga, Orzuga band dil, Istiqbol yo‘liga ko‘zni tutganmiz. Biz axir million yil, Balki milliard yil Baxtli shu kunlarni kutganmiz. Hayot boqiy ekan, Kutish ham boqiy, Mehnat, Ijod bilan o‘tgan dam halol. Qanchalar zo‘r bo‘lsa vasl ishtiyoqi, Shunchalar lazzatli bo‘lg‘usi visol.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.