Ona tilim o‘lmaydi

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

ONA TILIM O‘LMAYDI Notiq dedi: «Taqdir shul, Bu jahoniy iroda. Tillar yo‘qolur butkul, Bir til qolur dunyoda». «Ey voiz, pastga tushgin, Bu gap chiqdi qayerdan!» Navoiy bilan Pushkin Turib keldi qabrdan. Kim darg‘azab, Kim hayron, Chiqib keldilar qator: Dante, Shiller va Bayron, Firdavsiy, Balzak, Tagor. «Va’zingni qo‘y, birodar, Sen aytganing bo‘lmaydi». Barcha dedi barobar: «Ona tilim o‘lmaydi». - Hey, bu qanday aqida! - Qo‘lida tabarruk jom, Go‘zal forsiy haqida Ruboiy aytdi Xayyom. Ehtirosli, otashdil Beranje so‘rdi nolon: - Nahotki, farangi til Yo‘qolgusi bir zamon! Neruda, Lorka turdi Servantesning yoniga: Kim qasd etib tig‘ urdi Ona tilim joniga! Fuzuliy yondi: - - Ozar tili guldek so‘lmaydi. Barcha dedi barobar: «Ona tilim o‘lmaydi». Kamalakdek rango-rang Bo‘lsin deb san’at, tillar, Asrlarcha qildik jang, Armon qildik ming yillar. Beqadr bo‘lsa, nahot, Tillardagi tarovat! „ Yo‘qoldi bu kun, hayhot, Qabrlarda halovat! «Faust» yondi gurillab, «Xamsa» o‘tga tutashdi. Bir sado jahon bo‘ylab Taraldi, tog‘lar-oshdi. Bu sado yangrar hamon, Sira ado bo‘lmaydi. Olam aytar: Hech qachon Ona tilim o‘lmaydi.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.