May she’ri
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
MAY SHE’RI
May - bahor qizining
O‘n sakkiz yoshi,
Uning ajib noz-u
Adolari bor.
Boshida gulchambar
Porloq quyoshi,
Chamanda bulbuli
Shaydolari bor.
Baxmal ko‘ylagida
Guldan tugmalar,
Shalolalar aytgan
Navolari bor.
Zulfi sunbulini
Yuvgan chashmalar,
O‘pib taroqlagan
Sabolari bor.
Qiyos topolmayman
Bahor husniga,
Yashil libosida
Na soz bu jahon!
Cheksiz vodiylarning
Zumrad tusiga
Rashk-u havas bilan
Boqadi osmon.
Men ham bog‘lar aro
Sayr etib bu dam,
Lolalar bazmiga
Qo‘shilgim kelur,
May - bahor haqida
She’r aytib men ham,
Xushxon bulbullarga
Jo‘r bo‘lgim kelur,
Bahor kelar qayta-qayta,
May qayta-qayta,
Shoirlar ham charchamaydi
Madh ayta-ayta.
She’rlar ko‘pdir,
She’rlardan ham «Bahor»u «Yoz», «Мау»,
Men endi yozmay.
Qayda deysiz!
Gul boglarga yetaklab bahor,
Lola terib bersa menga
Etaklab bahor,
Qancha yozsang oz, deb tursa,
Yoz deb tursa May,
Bo‘lurmi yozmay?!
Garchi bahor qayta kelur,
May qayta kelur.
Yangi qo‘shiq olib, yangi -
Kuy ayta kelur,
Qancha bahor ko‘rgan bo‘lsam
Men shu yoshgacha,
Har yil bahor boshqachadir,
Biz ham boshqacha!
May - bahor qizining
O‘n sakkiz yoshi,
Uning ajib noz-u
Adolari bor.
Boshida gulchambar
Porloq quyoshi,
Chamanda bulbuli
Shaydolari bor.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish