Yurak va aql
1960-1990-yillar
She’r
O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)
YURAK VA AQL
Ikki kuch bor - Yurak va aql
Ikki yonga tortuvchi meni,
Ular bundoq bo‘lsa noahil,
Qay birining tutay izmini?
Meni bir yon boshlasa aqlim,
Boshqa yonga yetaklar yurak.
Bilolmayman, qay biri haqli,
Qay biriga ishonmoq kerak?
Aql mening har qadamimni
Solmoq bo‘lar tarozu-toshga,
Har daqiqa tergaydi meni,
O‘xshama deb ko‘cha beboshga.
Yurak esa unga so‘z bermas,
Bu dunyoda faqat o‘yna der.
Bilmas,
Sira bilgisi kelmas
Qonun nadir, qoida nadir.
Yor ko‘yiga chorlasa biri,
Yur deb har kech aylasa xitob,
Biri uyga yetaklab kirib,
Qo‘llarimga tutqizar kitob.
Aql aytar:
Sevding, o‘sha qiz,
Ayt-chi, senga qilurmi vafo?
Yurak faqat sev der, sevgisiz -
Yashamoqdan bormi hech ma’no?!
Aql menga qilar nasihat:
«Yosh joningni o‘rtama bekor».
Yurak bo‘lsa yon deydi faqat,
Hayot bizga berilar bir bor.
Aql deydi:
She’ringdan ne naf,
Mashqlaringdan lazzat olar kim?
Yo‘q, der menga, o‘ltirma o‘ylab,
She’r yoz deydi nodon yuragim...
Aql cheksiz fazoga hokim,
Aql hokim olam yuziga.
Borliq unga bo‘ysunar,
Lekin
Yurak kirmas uning so‘ziga.
Shundan bir yon boshlasa aqlim,
Boshqa yonga yetaklar yurak.
Bilolmayman, qay biri haqli,
Qay biriga ishonmoq kerak.
Aybli emas bunda irodam,
Ma’zur tuting, do‘stlar, siz meni.
Aql qancha haqli bo‘lsa ham,
Tutar bo‘ldim yurak izmini.
U baxsh etgan otashda yondim,
O‘zi bo‘ldi menga rahnamo.
Unga,
Faqat unga ishondim,
Yurak meni aldamas aslo!
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.
So'z qidirish
Qidiruv sahifasiga o'tish