Kosmonavt va shoir

1960-1990-yillar She’r O‘zbegim. Yangi asr avlodi (2019)

KOSMONAVT VA SHOIR - Ayt-chi, shoir, uchar bo‘lsang fazolarga, Ko‘char bo‘lsang Oy, Hulkar-u Zuhrolarga, Yo‘lga Yerdan nimalarni olar eding, Sen kemangga nimalarni solar eding? - Uchar bo‘lsam agar cheksiz fazolarga, Ko‘char bo‘lsam Oy, Hulkar-u Zuhrolarga, Ona-Yerdan bir kaft tuproq olar edim... Olar edim lola, nargiz, sunbullardan, Qarqunoqlar, sa’valardan, bulbullardan, Archalarning yaprog‘idan olar edim, Majnuntollar butog‘idan olar edim. Tiyonshonning qora ko‘zli ohulari, Chamanlarda bol izlagan asalari, Boshim uzra parvoz etgan qarchig‘ayim, Bog‘ ko‘chadan minib olgan qora toyim Yerda qolsa, uchmoqqa hech rozimasman, Fazolarga ko‘chmoqqa hech rozimasman. - So‘yla shoir sira chek yo‘q tilagingga, Uchar bo‘lsang, hamroh etib yuragingga Ona-Yerdan nimalarni olar eding?.. - Ayta bersam, sira chek yo‘q tilagimga, Uchar bo‘lsam, hamroh etib yuragimga Ona-Yerning muhabbatin olar edim, Go‘zal o‘lkam tabiatin olar edim. Olar edim bahor-u qish, kuz, yozini, Olar edim irmoqlarning ovozini, Suhbatlarning g‘ulusini olar edim, Sho‘x qizlarning kulgusini olar edim. Kuylarning ham eng dilbari, eng sozini, Navosini, gulyorini, shahnozini, Olar edim chapandozin ham bayotin, Hofizlarning tongda aytgan munojotin, Navoiyning, Fuzuliyning she’rlarini Olar edim, olar edim men barini. Bularsiz men uchmoqqa hech rozimasman, Fazolarga ko‘chmoqqa hech rozimasman.
Bu she'r uchun audio yozuv mavjud emas.